Kesish ishlarini eng kech gullaydigan daraxtlardan boshlab, eng erta gullaydigan daraxtlarda tugatish kerak

Kuz mavsumida daraxtlar yil davomida hosil boʻlgan energiyasini kichik novda va shoxlardan olib, oʻz tanasi va tomirlarida saqlaydi. Bu narsaning ahamiyatini tushunib olish zarur. Agar, siz qish mavsumida daraxtning koʻp shoxlarini kesib tashlasangiz, bu orqali daraxtning oʻsishi uchun hech qanday ziyon yetmaydi, chunki mavjud energiya daraxt tanasi, tomirlari va kapa shoxlarida saqlanib koladi.

Bahorda, daraxtni kesishdan oldingi holatga yetarlicha toʻplangan energiya zaxirasi, qolgan daraxt shoxlarining oʻsishi uchun sarflanadi. Kesish orqali biz koʻproq energiyani kesishdan keyin qolgan kamroq shoxlarga yoʻnaltirgan boʻlamiz. Natijada, daraxtning rivojlanishi uchun keragidan ortiqcha energiya paydo boʻladi va bu oʻz navbatida bahorda daraxt shoxlarini avj bilan oʻsishiga va keraksiz (soʻruvchi) novdalar paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Bunday novdalarning oʻsishi daraxtning gullashi va meva hosil qilishi uchun oʻta zarur boʻlgan energiyani sarflaydi. Bunday daraxtlar kech mevaga kiradi, hosili kam va mevasi kichik boʻlib qoladi.

Mavjud bogʻdorchilik tajribalarini oʻrgangan holda, qishki kesishda asosan, tik oʻsuvchi va yosh novdalar butaladi. Qishki kesishning meʼyoridan orttirib yuborilishi esa, daraxt kuchining asosan, shox chiqarishga sarflanishiga va mavsumni ozgina hosil bilan, baʼzan esa umuman hosilsiz oʻtkazishiga olib keladi. Qishki kesish vaqtini toʻgri belgilash daraxt rivojida juda muhimdir. Daraxtlarga qish sovugʻida yetishi mumkin boʻlgan zararning oldini olish uchun, butash jarayoni imkon qadar kech qishda boshlanishi kerak.

Kesish dastlab olma va nok daraxtlaridan boshlanishi lozim, keyin esa shaftoli va olxoʻri daraxtlariga navbat berish kerak. Gilos va oʻrik daraxtlari esa yozda kesilishi kerak. Qaysi daraxtni avval butash lozim? – degan savolga quyidagi qoidani asos qilib javob berish mumkin: kesish eng kech gullaydigan daraxtlardan boshlanib, eng erta gullaydigan daraxtlar bilan tugatiladi. Butash vaqtini belgilashda hisobga olish zarur boʻlgan yana bir omil bu – daraxtning yoshidir.

Faqat bir turdagi mevali bogʻlarni butash jarayonida kesishni avval, yoshi katta daraxtlardan boshlash kerak. Yosh koʻchatlar erta butash natijasida qishki sovuqlardan yetadigan zararlarga taʼsirchan boʻlib qoladi. Chunki kesilgan daraxt tinim davridan birmuncha erta uygʻonadi.

Yozgi kesish orqali daraxtda keraksiz boʻlgan rivojlanishning oldi olinadi. Butash kurtaklar nish urib oʻsishni boshlashi bilan amalga oshirilishi ham mumkin. Ammo amaliyotda asosan, yangi oʻsimta novdalar 10-15 sm dan oshgandan soʻng qoʻllaniladi. Daraxtga ortiqcha zarar yetkazib qoʻymaslik uchun yozgi kesishda mavsum davomida paydo boʻlgan tik va tez oʻsuvchi (soʻruvchi) novdalarni butash bilan cheklanish lozim. Bu bilan boshqacha qilib aytganda, daraxtni novdalardan siyraklash amalga oshiriladi. Daraxtni qish mavsumi zararlariga taʼsirchan qilib qoʻymaslik uchun, yozgi kesish eng kechi bilan iyun oyi oxirigacha qilib boʻlinishi kerak.

Yozgi kesish daraxt ozuqasini kamaytiradi. Shu sababli, uni juda katta boʻlib ketadigan gilosda terimdan keyin, oʻrik daraxtida esa, mavsum davomida qoʻllash yaxshi natija beradi. Daraxtni mevaga erta kirishiga tik oʻsuvchi yon shoxlarni tashqi tomonga qayirish orqali erishish mumkin. Vertikal yoki tik oʻsuvchi shoxlarni kesish orqali daraxt uchun kerakli boʻlgan oʻsish kuchaytiriladi. Gorizontal shoxlarni kesish orqali esa mevali novdalarni yangilash va ortiqcha mevali shoxlarni siyraklashtirish mumkin. Tik shoxlarda kesilgan joydan 5-10 sm masofada joylashgan kurtaklardan yangi novdalar oʻsib chiqadi.

Gorizontal oʻsuvchi shoxlarni kesmaslik kerak. Chunki ular daraxtning erta mevaga kirishiga va koʻp hosil berishiga sabab boʻladi. Pastga qarab oʻsuvchi shoxlarning oʻsishi yil sayin sustlashadi va kam hosil qiladi. Quyosh nuri yaxshi tushadigan shoxlar meva berishda davom etadi. Soyada qolgan mayda novdalari esa meva qilishdan toʻxtaydi yoki qurib qoladi.

Yozgi kesishning yana bir afzalligi barglar sonining daraxtda kamayishi natijasida barglar orqali suvning parlanishi kamayadi va daraxtlarning suvga boʻlgan talabi biroz kamayadi.

Qishki kesish davrida meʼyordan ortiq shox qoldirish esa, daraxtning juda koʻp hosil berishiga, natijada ozuqa yetkaza olmasdan mevalar maydalashib, sifati buzilishiga, shuningdek, shoxlar hosil ogʻirligidan sinishiga olib keladi. Daraxtlarni kesish ularning hajmini nazorat qilishga bevosita bogʻliqligidan, kesishni kerakli shoxlarda oʻz meʼyorida amalga oshirish kerak. Buning uchun daraxtni kesuvchi bogʻbon daraxt bilan yaqindan tanish boʻlishi muhim ahamiyatga ega.

Yozgi kesish daraxt hajmini nazoratda ushlab turish imkonini beradi. Odatda, qishki kallaklangan shoxlardan oʻsib chiqqan yangi novdalarning oʻzlari ham daraxt hosili yigʻishtirib olinganidan keyin yoki kallaklanadi yoki siyraklashtiriladi. Bunday novdalarni kesib tashlash orqali daraxt kuchi yosh novdalarni rivojlantirishga emas, hosil yetishtirishga yoʻnaltiriladi.

Aksariyat meva turlarining navlari yaratilayotganda tuproq, iqlim sharoiti, erta hosilga kirish va ularga tushadigan kasalliklar hisobga olinadi. Daraxtlar hajmini nazoratda ushlab turish esa bogʻbonning vazifasidir. Olma, nok, oʻrik, gilos, shaftoli, xurmo, anjir va olxoʻri daraxtlari balandligini yozgi kesish yordamida 3-4 metrdan oshirmasdan ushlab turish mumkin. Bunday daraxtlarni parvarish qilish doimo oson kechadi.

Agar daraxtdagi shoxlar oʻsishini hohlasangiz shakl berish va kesish ishlarini tinim davrida amalga oshiring. Aksincha, daraxt balandligi va oʻsishini sekinlashtirish maqsadi boʻlsa, u holda may, iyun va iyul oyida bu ishlarni amalga oshiring. Tez oʻsib koʻp novda chiqaruvchi daraxtlardan shaftoli daraxtining keraksiz, daraxt oʻrtasidan oʻsuvchi novdalarini iyun oyida kesib tashlash kerak. Aks holda, u novdalar daraxtning pastki qismida rivojlanadigan mevali novdalarni qurishiga olib keladi. Yoz mavsumida shoxlar egilishga moyilroq boʻladi. Shuning uchun tanlab olingan novdalarni keng ayri burchak hosil qilib oʻsishi uchun tirgovuchlarni qoʻyish maqsadga muvofiqdir.

 

Manba: “Mevali daraxtlarga shakl berish, kesish va payvandlash” (B. Gʻulomov, Sh. Abrorov, I. Normuratov, “Fan” nashriyoti, Toshkent – 2011) qoʻllanmasi.

 441 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.