Jiyda qayerda o‘sadi?

Sharq jiydasi — jiydagullilar oilasiga mansub bo‘lib, bo‘yi 3-4 metrgacha yetadi. Tanasi qizg‘ish-kulrang, yosh novdachalari va bargi kumush-oq rangli, qalin va qattiq, kipriksimon tangachalar bilan qoplangan. Bargi nashtarsimon yoki ellipssimon, o‘tkir uchli, shoxchalarda bandi bilan ketma-ket joylashgan. Novdalarning uchi ko‘pincha tikanli bo‘ladi. O‘simlik may oyida gullaydi. Gullari ko‘rimsiz, kumushsimon, juda yoqimli hidga ega. Mevasi sentabr-oktabr oylarida pishib yetiladi. Mevasi sariq, oltinsimon, cho‘ziq-dumaloq danakli. Jiyda mevalari serxosiyatliligi bilan mashhur. Mevasi tarkibida 40-65 foiz qand, 11 foiz oqsil, kletchatka, yog‘, oshlovchi moddalar, organik kislotalar mavjud. Bundan tashqari jiydaning “go‘shtli” qismida kaliy va fosforli tuzlar, vitaminlardan V1 V2, RR, E bor.

Xalq tabobatida jiyda mevasi yoki uning damlamasi bolalarda uchraydigan ich ketishga qarshi yaxshi davo hisoblanadi. Damlama nafas yo‘llari shamollaganda ham tavsiya qilinadi. Bunday qaynatmalar oshqozon-ichak faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Jiydadan qaynatma tayyorlash uchun, biror og‘zi yopiladigan idishga bir yarim litr suv quyib, mevadan 50 gramm solinadi va biroz qaynatib, bir soat mobaynida qo‘yib qo‘yiladi. So‘ngra dokada suziladida, qaynatma sharbatidan kuniga ovqatdan keyin 2-4 mahal 2 osh qoshiqdan ichiladi.
O‘simlik mevalari servitamin bo‘lganligi tufayli ilmiy meditsinada kamqonlikda, teri qazg‘oqlanishida, bo‘y o‘smasligida iste’mol qilish tavsiya etiladi. Shuningdek jiyda mevalari organizmda tuz-suv mutanosibligini saqlash uchun, odamni fikrlash qobiliyatini oshirish uchun ham iste’mol qilinishi lozim.

Jiyda oziq-ovqat sanoatida ham keng ishlatiladi. Undan kisel va tatimli sharbatlar (kompot) tayyorlash mumkin. Sharq jiydasining quruq mevalari tuyulib un olinadi, uni non va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shib iste’mol qilish mumkin.
Daraxt yog‘ochi mustahkam, qattiq bo‘lganligi tufayli undan qurilish materiali sifatida ham foydalaniladi.

Jiyda daraxtining yelimi kamyob hisoblanuvchi arab yelimining (gummiarabik) o‘rnini bosa oladi. U to‘qimachilik sanoatida ishlatiladi. Daraxt po‘stlog‘i va barglaridan teri oshlashda foydalaniladi. Farmatsevtikada esa jiyda yelimi asosida maxsus emulsiyali dorilar tayyorlash mumkin.

Jiyda yorug‘sevar o‘simlik bo‘lganligi tufayli O‘rta Osiyo, xususan O‘zbekistonda yaxshi o‘sadi va hosilga beradi. Tabiatshunos olimlarning fikriga ko‘ra, tuproq-iqlim sharoitidan qat’iy nazar, jiydani O‘rta Osiyoning ko‘pgina yangi o‘zlashtirilayotgan lalmikor, sho‘r tuproqli, sizot suvli yerlarida o‘stirish mumkin.

Shuni aytish kerakki, jiyda juda beor o‘simlik bo‘lib, uni danagi, qalamchasi yordamida ko‘paytirish mumkin. O‘simlik 3-4 yilda hosilga kiradi. Jiydadan ihota sifatida, tuproq eroziyasiga qarshi foydalanish mumkin. Uning ildizida azot elementini to‘plovchi tuganak bakteriyalar (aktinomitset) mavjud bo‘lganligi tufayli, tuproqni oziqabop mineral bilan ta’minlashga yordam beradi. Shuning bilan bir qatorda jiyda gullari asalarilar uchun yaxshi oziq hamdir. Sharq jiydasi. O‘rta Osiyoda tarqalgan. Qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lib, qattiq sovuqdan (sovuq -25°C darajadan past bo‘lganda) zararlanishi mumkin.

Ensiz bargli jiyda. U yovvoyi holda O‘rta Osiyo daryolarining bo‘ylarida, o‘rmonlarda, tog‘li va yer osti suvlari yer betiga yaqin joylashgan sho‘rxok tuproqli yerlarda tarqalgan. Daraxtining bo‘yi 8-10 m ga yetishi mumkin.

Kumushsimon jiyda. Bu jiydaning bo‘yi 2,5 metrgacha boradi, mevasi mayda, iste’molga yaroqli.
Non jiyda. Daraxti nisbatan past bo‘yli bo‘lib, nam joylarda o‘sadi.
Qizil jiyda. Republikamizda keng tarqalgan bo‘lib, mevasi shirin, seret.

 

Manba: mehnat.uz sayti

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.