Gilos daraxtini yozda kesish

Gilos daraxtiga shakl berishning keng tarqalgan usullaridan biri bu – vazasimon usuldir. 4-5 ta asosiy shoxlar tanlanganda, ular daraxt tanasida vertikaliga bir-biridan 10-15 sm masofada joylashgan boʻlishi tavsiya etiladi. Yosh gilos daraxtining novdalari 2-2,5 metr uzunlikkacha yon shox chiqarmay oʻsishi mumkin. Bunday holat uchraganda novdalarni qisqartirish bilan ularni yon novda chiqarishga undash mumkin.

Yozgi kesish orqali daraxtlarning haddan ziyod baland boʻlib ketishiga yoʻl koʻyilmaydi. Baland daraxtlar bir qator kamchiliklarga ega. Ular: yuqori qismi soyabonga aylanib, quyi qismidagi shoxlar hosil berishiga toʻsqinlik qiladi; zararkunandalarga qarshi sepilgan dorilar daraxtning barcha qismlariga yaxshi yetib bormaydi va kurash taʼsiri kuchsiz boʻladi; shuningdek, baland shoxlardagi hosilni terib olishda qiyinchiliklar yuzaga keladi.

Yozgi kesishning yana bir ustunligi, uning quruq ob-havo sharoitida amalga oshirilishidir. Nam ob-havo sharoitida kesilgan yaralarda bakterial kasalliklar rivojlanish xavfi yuqori boʻladi.

Boʻyi nisbatan past daraxtlar hosilini yigʻishtirib olish oson. Shuningdek, bu uzluksiz yomgʻir va mevaxoʻr qushlardan panalab saqlash imkonini ham beradi.

Yosh bogʻlarda oʻsuv davrida (may oyining oxiri va iyunda) yogʻochlanmagan novdalarni uchinchi barg ustidan chilpib tashlash, shox-shabbaning shakllanishini osonlashtiradi va daraxtning barvaqt hosilga kirishini taʼminlaydi.

 

Manba: “Mevali daraxtlarga shakl berish, kesish va payvandlash” (B. Gʻulomov, Sh. Abrorov, I. Normuratov, “Fan” nashriyoti, Toshkent – 2011) qoʻllanmasi.

 288 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.