Daraxtlarning oʻsishi va rivojlanishi hosilga ham taʼsir oʻtkazadi

Novdalarning oʻsishi va rivojlanishi: Oʻsuvchi kurtaklar bahor kelishi bilan, odatda, gullash vaqtida yoki gullashdan keyin rivojlana boshlaydi. Novdalar tez barg chiqaradi va qisqa muddat oʻsadi. Ayrim oʻsuvchan novdalar agar suv yetarli boʻlsa, mavsum davomida, 2-3 metr uzunlikkacha oʻsadi. Shaftoli va olxoʻrining ayrim turlarida ushbu novdalardan, baʼzan, ikkilamchi novdalar oʻsib chiqadi.

Gilos daraxti asosiy mevani guldasta shoxchalarda va bir yoshli novdalarning ustki kurtaklarida hosil qiladi. Mevali daraxtlarning qaysi shoxlari yoki novdalari meva berishiga qarab ular turlicha kesiladi. Oʻsuvchi novdalarda keyingi yil gul kurtaklari rivojlanadi. Ozuqaning yetarli boʻlishi oʻsuvchi novdalar va mevaning rivoj­lanishi uchun muhimdir.

Hosilning moʻl boʻlishi nov­dalarning oʻsishini sustlashtiradi. Daraxt ichkarisiga quyosh nurining tushmasligi esa ichkarida joylashgan mevali novdalarni qurib qolishiga olib keladi. Soya qiluvchi novdalarning yetar­li boʻlmasligi, oʻz navbatida daraxt shoxlarini quyosh urishiga sabab boʻladi.

Meva kurtaklarining rivojlanishi: Shoxchalar va qisqa novdalar oʻsishdan toʻxtaganda, ularda kelgusi yilda meva beruvchi gulkurtaklar rivojlana boshlaydi. Bu davr odatda may, iyun, iyul va avgust oylariga toʻgʻri keladi. Bu jarayon yoz va kuz mavsumida ham davom etadi va bu davrlarda suvning yetarli boʻlmasligi gulkurtaklarning rivojlanishiga salbiy taʼsir oʻtkazadi.

Gilos daraxti iyun oyidan sentabr oyigacha yetarlicha sugʻorilmasa kelgusi yilda mevalarning “juft” boʻlish holati kuzatiladi. Yoz mavsumi oxirida mevali daraxtlarni yetarlicha sugʻormaslik danakli mevalarda ham “juft” boʻlishga olib keladi.

Mevaning rivojlanishi: Mevali daraxtlar changlangandan soʻng meva 3 ta rivojlanish bosqichidan oʻtadi. Meva navlariga qarab bu bosqichlarning muddati har xil boʻlishi mumkin. 1-bosqich: tez rivojlanish va hujayralar boʻlinish davri, u taxminan 30 kun davom eta­di. Bu bosqich oxiriga kelib, mevaning barcha hujayralari shakllanib boʻladi.

Daraxtga issiq yoki sovuqdan, suvsizlikdan yoki mineral ozuqalarning yetishmovchiligidan yetkazilgan zarar bu davrni qisqa boʻlishiga olib keladi va buning natijasida hujayralar soni qisqaradi va meva hajmining katta boʻlishiga salbiy taʼsir oʻtkazadi. Ob-havo salqin kelgan yillarda meva xujayralari rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi va mevalarning hajmi mavsum oxiri­da katta boʻladi.

Tozalash ishlarini shunga muvofiq amalga oshirish zarur. 1-bosqich meva danagining qattiqlashish vaqtigacha davom etadi. Danak qattiqlashish davrida, mevaning yumshoq et qismi rivojlanishi va kattalashishiga juda qulay sharoitning yuzaga kelishi natijasida, terim paytida danagi yorilib, koʻrinib qoladigan mevalar soni koʻpayadi.

2-bosqich: danak qattiqlashish vaqtidan boshlanadi va bu davrda mevaning kattalashishi sekinlashadi. Meva qatlamlarining rivojlanishi toʻxtaydi, lekin meva magʻzi oʻzining toʻliq, kattaligiga erishadi. Ertapishar navlarda 2-bosqich qisqa vaqt davom etadi. Ammo kechpishar meva turlarida bu bir necha hafta davom etadi.

3-bosqich terimdan 4-6 hafta oldin boshlanadi va bu bosqichda meva poʻsti va eti juda tez rivojlanadi. Ularda hosil boʻlgan hujayralar kattalashadi. Bu bosqichda suvning yetarli boʻlmasligi danakli mevalarning kichik boʻlib qolishiga olib keladi. Shuningdek, bu bosqichda mavsum davomida yetarlicha sugʻorilmay kelinayotgan daraxtlarni birdan sugʻorish natijasida meva etining hujayralari birdan kattalashadi va mevalarda yorilish kuzatilishi mumkin.

Ildizning oʻsishi va rivojlanishi. Danakli mevalar ildizlarining rivojlanishi, asosan, ikki bosqichdan iborat. Ildizlarning birinchi oʻsish davri gulkurtaklar va oʻsuv kurtakla­ri uygʻonishidan oldin, yaʼni fevral yoki mart oyiga toʻgri keladi. Novda va meva rivojlanish davrida ildizlarning oʻsishi sustlashadi. Ikkinchi oʻsish davri terimdan soʻng va novdalarning oʻsishi sustlashganda boshlanadi.

Tinim davrida ildizlar sekin oʻsadi va barglar toʻkilgandan keyin tomirlar hech qanday ozuqa olmaydilar. Juda ham quriq va juda ham nam tuproqlarda tomir­lar oʻsmaydi. Novdalarning jadal oʻsish davri meva rivojlanishining dastlabki bosqichlariga toʻgʻri keladi.

 

Manba: “Mevali daraxtlarga shakl berish, kesish va payvandlash” (B.Gʻulomov, Sh.Abrorov, I.Normuratov, “Fan” nashriyoti, Toshkent – 2011) qoʻllanmasi.

 397 marta ko‘rilgan,  3 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.