Mevali daraxtlarga shakl berishda qanday shoxlarni kesish kerak?

Har qanday mevali daraxtga shakl berishdan oldin, ularni meva qilish xususiyatlarini oʻrganish lozim. Qaysi shox mevali shox, qaysi shox oʻsuvchi shox ekanligini bilmasdan avval, shakl berish va kesish ishlarini amalga oshirib boʻlmaydi. Shaftoli bir yoshli novdalarda meva qiladi va uning shoxlari koʻp oʻsganligi sababli har yili 50 % ga yaqin yangi oʻsgan novdalar kesib tashlanadi.

Anjir, yongʻoq, bodom, gilos, xurmo, olma, nok, olxoʻri va oʻrik daraxtlari 2 yoki 3 yillik mevali shoxchalarda asosiy mevani beradi. Shu sababli, yangi oʻsib chiqqan novdalarning 10-20% ga yaqini har yili kesilishi kerak. Urugʻli va danakli meva daraxtlarining meva berish xususiyatlari toʻgʻrisida qisqacha maʼlumotga ega boʻlish orqali, nega ular ikki xil usulda kesilishini tushunib olish mumkin.

Shaftoli daraxti bir yoshli novdalarda meva tugadi. Shaftoli daraxtida 2 turdagi kurtaklar (oʻsuvchi va gul kurtaklar) paydo boʻladi. Shaftoli novdasida asosan 2 ta katta gulkurtakni hamda ularning markazida joylashgan usuvchi kurtakni kurish mumkin. Ayrim shaftoli novdalarida bitta katta gulkurtak va uning yonida oʻsuvchi kurtakni uchratish mumkin.

Olma daraxtida faqatgina bir turdagi kurtaklar paydo boʻladi. Novdalarni kesishga qarab bu kurtaklar yo oʻsuvchi kurtakka yo gul kurtakka aylanadi. Olxoʻri va oʻrik bir yillik novdalarda va guldasta shoxchalarda meva tugadi.

Olmada (oʻrik, gilos va olxoʻri daraxtlarida ham shunga oʻxshash) meva kurtaklari ikkinchi yilda paydo boʻladi. Olma daraxtida novda uchida joylashgan kurtakdan novda oʻsishi davom etib, yon kurtaklardan esa gul kurtaklar hosil boʻladi. Ushbu gul kurtaklar 3-yil davomida rivojlangan boʻlib, 5 yilgacha meva beradi.

Olcha (nordon gilos) daraxtining meva kurtaklari bir yoshli novdalarda va katta yoshli mevali shoxchalarda hosil boʻladi. Agar, ushbu bir yoshli novdalarning uzunligi 20 sm dan kalta boʻlsa, barcha kurtaklar gulkurtakka aylanadi. Agar, ularning uzunligi 20 sm dan uzun boʻlsa, u holda gulkurtaklar bilan birga, oʻsuv kurtaklari ham hosil boʻladi.

Gilos olchadan farqli ravishda asosiy novdalarning tanasiga yaqin joylashgan guldasta shoxchalarda meva beradi. Agar daraxt toʻgʻri parvarish qilinsa, ushbu guldasta shoxchalar 10 yilgacha meva beradi.

 

Manba: “Mevali daraxtlarga shakl berish, kesish va payvandlash” (B.Gʻulomov, Sh.Abrorov, I.Normuratov, “Fan” nashriyoti, Toshkent – 2011) qoʻllanmasi.

 1,635 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.