Anor yetishtirish boʻyicha tavsiyalar

Ekish uchun tavsiya etiladigan anor navlari: Qizil anor, Achchiq dona, Qozoqi anor, Tuyatish, Ulfi, Desertniy va h.k.

Koʻchatlarni ekishga tayyorlash va ekish. Koʻchatlarni ekishga tayyorlashda avvalo, tomorqa maydonini yaxshi tekislanadi, soʻng yerga yetarli miqdorda – goʻng, chirindi, fosforli, kaliyli va azotli oʻgʻitlarni solib, chuqur haydaladi.

Anorni ekish sxemasi – 4×2 m, koʻchatlarni ekish mart oyi davomida amalga oshiriladi.

Koʻchat ekish uchun chuqurligi va kengligi 50×50 sm boʻlgan chuqurchalar kovlanadi. Chuqur qazishda tuproq ustki qismining 20-25 sm qatlami oʻraning bir tomoniga olib, qolgan qismi ikkinchi tomoniga olib qoʻyiladi. Koʻchatni ekishdan oldin tayyorlab qoʻyilgan shaltoqqa (yangi mol goʻngi tuproq bilan 1:1 nisbatda aralashtirilib, qaymoqsimon massa tayyorlanadi) botirib olinadi soʻngra ekiladi.

Koʻchat oʻraga tik qoʻyilib, oldin olingan tuproq chuqur tagiga solinib koʻmiladi. Koʻchat ekilgandan soʻng har bir chuqurga suv quyiladi. Bunda tuproq zichlanib, koʻchat yaxshi koʻkaradi. Tuproq choʻkkandan soʻng koʻchat atrofiga tuproq solib toʻldiriladi. Koʻchatlar tuproq namligiga qarab sugʻorib turiladi.

Parvarishlash. Anor qishga koʻmiladigan subtropik ekin turi boʻlganligi uchun uni butasimon shakllantirish eng maqbul hisoblanadi. Bunda asosiy 3 ta yirik shox qoldiriladi. Yirik shoxlar yerga nisbatan 45 gradus qiyalikda shakllantiriladi. Vaqt oʻtishi bilan hosil tupning markazidan chetga chiqa boshlaydi, shuning uchun novdalarni qisqartirish talab etiladi.

Tomorqadagi anor tuplariga 250-300 g azotli, 200-220 g fosforli va 180-200 g kaliyli oʻgʻitlar sof holda solinishi tavsiya qilinadi. Azot oʻgʻiti ikkiga boʻlib, 30-40 foizi kuzda, qolgani aprel va iyul oylarida teng miqdorda solinadi. Har 2-3 yilda oʻrtacha 50-60 kg chirigan goʻng solish hosildorlikning oshishiga ijobiy taʼsir etadi.

Boʻz tuproqlarda anor oʻsuv davri mobaynida 6-10 marta, shagʻalli yerlarda 10-12 marotaba sugʻoriladi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Anor daraxtiga oʻrgimchakkana zararkunandasi tushadi.

Oʻrgimchakkanaga qarshi Perfekto 17,5 % sus.k. (10 sotixga 15-20 ml) purkaladi.

Uzum qurtiga qarshi erta bahorda Karate 5% em.k. (10 sotixga 50 ml) preparati purkaladi. Ushbu preparatlar boʻlmaganda tamaki qaynatmasidan foydalanish ham mumkin.

Hosilni yigʻishtirish. Anor navlari kuz oylarida pishib etiladi. Ular qoʻl bilan uzilib, yashiklarga taxlanadi. Anor mevalari turli shikastlanishlarga chidamli boʻlgani uchun ularni uzoq muddat saqlash va qator-qator qilib taxlash mumkin.

 

Manba: mehnat.uz sayti.

 1,872 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

5 ta mulohaza

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.