Ona arini yangi oilaga o‘tkazish qiyinmi?

Ona arini yangi oilaga o‘tkazish asalarichlikda eng qiyin ishlardan hisoblanadi. Bu ishning bir qancha usullari mavjud. Lekin bularning foydali tomoni ham, zararli tomonlari ham bor. Ona arini oilaga muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun, oilada yosh asalarilarning ko‘p bo‘lishiga, qari ona ari olib tashlangandan keyin kamida 6 soat o‘tgach, kechqurun uyaga yosh ona ari solish, bu vaqtda ko‘p taqillatmaslik va tutun bo‘lmasligiga e’tibor berish kerak.

Asalarilar yetim qolgandan keyin uzog‘i bilan 3 kun ichida yosh ona ari solish kerak, aks holda asalarilar uni qabul qilmaydi. Oilada yosh, ochiq nasl bor paytda yoki erkak arilar, yosh ona arilar bo‘lsa, ona arini solmaslik kerak, chunki asalarilar yosh onani umuman qabul qilmaydi.

Asalarilar ona arini ham, boshqa asalarilarni ham bahorda yaxshi qabul qiladi. Katakchalarda keltirilgan ona arini oilaga o‘tkazish kuni u bilan birga kelgan asalarilarni ajratib qo‘yishga bog‘liq.

Agar qishda oiladagi ona ari nobud bo‘lsa, unga zaxiradagi ona ari solinadi. Buning uchun har yili nukleuslar (ramka o‘rtasi) da oilalar soniga nisbatan 15-20% zaxira ona ari qoldirish kerak. Ona ari oilaga bir o‘zi yoki nukleus asalarilar bilan birga o‘tkaziladi.

Agar oila kuchli bo‘lsa, bunday hollarda unga faqat ona arini o‘tkazib, nukleusdagi asalarilarni esa boshqa oilalarga o‘tkazish lozim. Kuchsiz oilalarga ona ari nukleusdagi asalarilar bilan birga o‘tkaziladi. Agar oiladagi qari yoki yosh ona arida birorta kamchilik bo‘lsa, ona ari Titov katakchasidagi romning ustki yog‘ochlari orasiga joylashtiriladi. Bir sutkadan keyin uni olib tashlab, o‘rniga yangi ona ari kiritiladi va uni  olib tashlab, o‘rniga yangi ona ari kiritiladi va uni asalarilar qabul qiladi. Yana bir kundan keyin asalarichi ehtiyotlik bilan asalarilarning ona ariga nisbatan hatti-harakatini tekshirib ko‘radi. Agar ular ona arini boqayotgan bo‘lsa unda ona arini chiqarib yuborish mumkin. Buning uchun teshikchali katakcha qo‘yiladi. Shunday qilinganda asalarilarning o‘zi bu teshikchani kattaroq qilib ona arini chiqarib oladi.

Agar asalarilar katakchaning to‘rini kemirib, bezovtalanib, ona arini o‘ldirishga harakat qilayotgan bo‘lsa, arixonani ko‘rib chiqib, sababini aniqlash kerak. Bordiyu asalarilar arixonada ona inlarini tashkil qilgan bo‘lsa, bu inlarni olib tashlab, katakchadagi ona arini yana bir sutka qoldiriladi. Ba’zan onasiz ari oilasi nukleus bilan biriktiriladi. Buning uchun arixonaning cheti yoki o‘rtasiga asosiy oiladagi nukleus ona arini asalarilari bilan birga olib 2-3 ta har xil yoshdagi nasl bilan birga o‘tkaziladi. Ko‘pchilik asalarichilar eski ona arini yangisi bilan almashtirish oldidan yangi qabul qiluvchi oilaning asalidan surkaydilar.

Ko‘pchilik asalarichilar urug‘langan yoki urug‘lanmagan ona arilar solish o‘rniga qari ona arini olib tashlab oilaga yetilgan ona ari uyasini beradilar. Buni faqat 24 soatdan keyin qilish mumkin. Agar yangi ona ari oldinroq chiqib qolsa, uni asalarilar o‘ldiradi. Ona uyali ramkani ustki to‘sinchaga yaqin qilib nasl o‘rtasiga joylashtiriladi.

Erkaklangan oilaga kuchli oiladan olingan 2-3 ta ochiq nasilli romlar yoki ona ari uyasi qo‘yiladi. Agar oilaga katakchadagi ona ari berilganda u qabul qilinmasa, arixonaga tutun kirgiziladi. Shunda asalarilar asalni o‘ziga ko‘p yig‘adi va og‘irlashadi. Keyin arixonani arizordan nariroqqa olib borib silkitilsa, og‘irlashgan tuxum qo‘yayotgan ishchi arilar uchmasdan yerda o‘rmalaydi va ular o‘ldiriladi. Erkak arili nasli bor romlar eritiladi. Arisiz bo‘sh uyalar oldingi joyga qo‘yilsa, unga asalarilar uchib kiradi. 2-3 kundan keyin yosh ona ari solinsa, asalarilar uni qabul qiladi. Keyin 2-3 ta ochiq nasli bor quruq rom qo‘yiladi.

 

Manba: “Asalari – foyda bari” (Sobirjon Mamasotiyev, Ne’matjon Hoshimov, “Dizayn-Press” MCHJ nashriyoti, Toshkent-2012) qo‘llanmasi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.