Nozematoz – asalarining qanday kasalligi?

Nozematoz asalarilarning yuqumli kasalligi boʻlib, uni apis nozemasi qoʻzgʻatadi. Nozematoz bilan yetuk asalarilar kasallanadi, lichinkalarga bu kasallik taʼsir qilmaydi. Kasallikni qoʻzgʻatuvchi – nozema apis bir xujayrali organism boʻlib, asalarining oʻrta ichagida parazitlik qiladi. Bu yerga u zararlangan oziq bilan tushadi.

Nozema sporalar hosil qilib, ularning oʻsishi natijasida amyobulalar chiqadi. Amyobulalar oʻrta ichak xujayralariga kirib merontalarga aylanadi. Merontalar ichak toʻqimasining xujayralarida sporablastlar hosil qiladi. Bularning har biri bittadan spora hosil qiladi. Spora (parazit) lar koʻpayish natijasida yemirilgan toʻqima xujayralari bilan oʻrta ichak teshigiga oʻtadi, u yerdan oziqa massasi bilan birga yoʻgʻon ichakka siljiydi va axlat bilan birga tashqariga chiqariladi.

Bunday axlat asalari uyasiga, suvga, asalga, pergaga tushganida ular nozema sporasi bilan zararlanadi. Quruq axlat va inlarda nozema sporalari hayotchanligini 2 yilgacha saqlaydi, xazon, oʻliklar (podmor) orasida 1 yilgacha yashaydi. 60˚C issiq suvda sporalar 10 daqiqa, formalinning 4% li eritmasida, 25˚C darajada 1 soatdan keyin halok boʻladi. Sporalar 10-14˚C dan past va 35-36˚C dan yuqori boʻlgan haroratda koʻpaymaydi.

Kasallikning tarqalish yoʻllari:

Kasallikning manbai kasal asalarilar hisoblanadi. Ular oʻzining chiqindi axlati orqali asal, perga, uyalar va suvni nozematoz bilan zararlantiradi. Oila ichidagi sogʻlom asalarilar nozema sporasi tushgan asal, perga, suvlarni isteʼmol qilganida yoki kasallik tushgan mum kataklarni tozalash paytida oʻziga nozematozni yuqtiradi. Kasallik sogʻlom oilaga umumiy suv idishlaridan, dezinfeksiya qilinmay qoʻyilgan inlardan, ishlatiladigan asboblardan oʻtishi mumkin.

Kasallik qanday kechadi?

Qishlov yomon sharoitlarda oʻtganda (sifatsiz oziq bilan oziqlantirish, arixonalarda eski, iflos mum inlarining boʻlishi, qishlovga qari ona arilar bilan kirilsa, arixonada haroratning oʻzgarishi) nozematoz bilan kasallanish qishning ikkinchi yarmida yuz beradi. Bahorga kelib oilada nasl paydo boʻla boshlagan vaqtda asalarilar ularning yaxshi rivojlanishi uchun uyada haroratni oshira boshlaydi, bu vaqtda kasal arilar soni ham oshib boraveradi. Qisqa vaqt ichida butun oila nozematoz bilan kasallanib qoladi.

Kasallik belgilari quyidagicha:

Asalarilarning nozematoz bilan kasallanishining xarakterli belgilaridan biri bu – asalarilarning bezovtalanishi, ularda ich ketish, ayrim asalarilarning, baʼzan butun oilaning halok boʻlishidir. Kasal boʻlgan asalari gʻujdan ajralib arixona devorida oʻrmalab, tagiga tushib, sovuqdan nobud boʻladi.

Qishlov vaqtida arixona eshigining oldi tozalanganda arixonalar tagida asalarilar oʻligi juda koʻp yotgan boʻladi. Ich ketish boshlanishi bilan asalarilar uyadan chiqib ketishga harakat qiladi, uya boʻylab oʻrmalab arixona romlarining plankalari, qoʻyilgan taxta, arixona oldingi devorining ichki yuzasi, baʼzan tashqi devorini ham axlatlari bilan qora dogʻ qilib bulgʻaydilar. Arixonaning devorlarida esa oqib tushgan dogʻ qoladi. Bunday dogʻlarda juda koʻp miqdorda nozema sporalari saqlanadi. Asalari ichagi nozema sporalari bilan toʻlgani uchun qorni katta boʻlib, ular sogʻlomlaridan ancha katta koʻrinadi.

Nozematozga xarakterli patologik oʻzgarishlardan biri ichakning oʻrta va orqa boʻlimlarining katta boʻlib ketishi oʻrta ichak segmentatsiyasining yoʻqolishi, uning ichidagi axlatning sut rangli boʻlishidir (sogʻlom asalarilar ichagida axlat sariq-qoʻngʻir rangli boʻladi).

Kasallikni aniqlash:

Oʻrta ichakdagi massani mikroskopik tekshirishlardan oʻtkazish yordamida nozema sporalarining bor-yoʻqligi aniqlanadi. Tekshirish uchun laboratoriyaga nobud boʻlgan asalarilarning ustki qatlamidan 50 tadan kam boʻlmagan asalari yuboriladi, hamda har bir nobud boʻlgan oiladan namuna (asal va pergasi bilan 1 ta mum in) olinadi.

Uchadigan asalarilar kasal boʻlganda laboratoriyaga har bir oiladan 3-5 ta namuna yuboriladi. Har bir namuna 50 tadan tirik asalari yoki yaqinda nobud boʻlgan asalari yuboriladi. Tirik yoki oʻlikligidan qatʼiy nazar har bir oiladan olingan naʼmunani alohida karton qutichalarga solib ustiga oila nomeri yoziladi. Patologik material bilan birga laboratoriyaga veterinar mutaxassisning ilova qogʻozi yuboriladi.

Bu hujjatda tashkilot nomi yoki asalari egasining ism-familiyasi, manzili, material olingan sana, kasallikning paydo boʻlgan vaqti yoki asalari oilasining nobud boʻlgan kuni, oʻlik asalarilarning arixonaning ichida joylashgan joyi, uyaning kasal asalarilar axlati bilan ifloslanish darajasi, uyada qolgan asal va perga miqdori va boshqalar koʻrsatiladi. Ushbu maʼlumotlardan foydalangan holda tegishli choralar koʻriladi.

 

Manba: “Asalari – foyda bari” (Sobirjon Mamasotiyev, Neʼmatjon Hoshimov, “Dizayn-Press” MCHJ nashriyoti, Toshkent-2012) qoʻllanmasi.

 283 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.