Asalarining “Nozematoz” kasalligini davolash yoʻllari

Nozematoz bilan kasallangan asalarilarni davolash uchun fumagillin organik kislotalar (sirka va shovul)  shovul yoki rovochdan foydalaniladi. Fumagillinni davolash sharbati holida bir oilaga 1 litr hisobida tayyorlanadi. 1 g fumagillin 4 ml xloroformda  va ustiga 10 ml spirt quyiladi bu eritmani 30˚C gacha sovitilgan qand sharbatiga aralashtirib asalarilar oziqlantiriladi.

Uyalar qishki binodan tashqariga chiqarilganda fumagillin bilan davolash tavsiya etiladi. Uni bir oilaga 1 litr hisobida oxurlarga har 7 kunda 1 martadan, hammasi boʻlib 4 marta beriladi. Fumagillin nozema sporalarini oʻldirmaydi, faqat ularning rivojlanishini toʻxtatadi, shunday boʻlsa ham undan foydalanish nozematozning rivojlanishini toʻxtatib, asalarilar oilasi kuchsizlanishining oldini oladi va ularning normal rivojlanishiga imkon yaratadi.

Sirka kislota shoʻr oziq tariqasida beriladi. Uni 10 litr sharbatga 3 ml sirka essentsiyasi qoʻshish orqali tayyorlanadi. Tayyor eritmani olib qand sharbatiga teng miqdorda qand va suv quyib yaxshilab aralashtiriladi va oxurlarga quyiladi. Bu ozuqani erta bahorda oilaning kuchiga qarab 0,5-1 litr miqdorida beriladi.

Oksalat kislotasi (1 litr sharbatga 0,3 g) ni ozgina iliq suvda eritib, oxurlarga quyiladi. Shovul bilan rovoch nordon oziq sifatida ishlatiladi. 1 chelak suvga 2 kg shovul yoki rovoch solib (tanasi va barglari) qaynatiladi. Oʻsimliklar titilib pishgandan keyin suvini suzib olib 1 chelak qaynatmaga 1 chelak shakar solinadi. Nordon oziqani bahorda asalarilarga tozalanish uchun uchib chiqib kelgandan keyin beriladi.

Kuchiga qarab bir oilaga 0,5-1 litr hisobida oziqni kechqurun bankada arixona ustiga quyiladi. Erta bahorda oksalat yoki sirka kislotasini qoʻllash yoki boʻlmasa shovul, rovochdan nordon oziqa berish nozematoz kasali bilan kasallangan asalarilarga samarali taʼsir etadi. Asalarichilik instituti tajribalaridan maʼlum boʻldiki, asalari ichagidagi faol kislotalilik darajasi ularning ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilab, hayotiy faoliyatini oshiradi.

Kurash chorallari:

Nozematoz bilan kasallangan arizorlarga karantin eʼlon qilinadi. Nozematoz shunday kasallikki, u bilan har yili tinmay kurash olib borish kerak. Bu kurashning muvaffaqiyatli usuli bir vaqtning oʻzida ham davolash, ham sanitariya-profilaktika tadbirlarini oʻtkazishdir.

Sanitariya-profilaktika tadbirlarining asosiy vazifasi, kasallikni boshqa oilalarga tarqalishining oldini olib, nozema sporalarini quritishdir. Buning uchun arixonalar va asboblar yaxshilab dizinfeksiya qilinadi.

Arixona va unga solingan taxtacha quyidagicha dizinfeksiya qilinadi: ular mum va propolis (asalari yelimi) dan tozalanadi, ishqorning issiq eritmasi (600 g elangan pechka kuli yoki 200 g kir sodasini  1 chelak suvda eritiladi) bilan asalarilarning axlati qotib qolgan izlar yuviladi. Qurigandan keyin arixonaning ichini va tirqishlarini kavsharlash lampasining oʻti bilan sal-pal qizarguncha kuydirish kerak. Shuningdek romlar, asalarichilik asboblari va asalarichilar kiyimini  dizinfeksiya qilinadi.

 

Manba: “Asalari – foyda bari” (Sobirjon Mamasotiyev, Neʼmatjon Hoshimov, “Dizayn-Press” MCHJ nashriyoti, Toshkent-2012) qoʻllanmasi.

 209 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.