Asalarichilik qayerda rivojlangan?

Asalarichilik – qishloq xoʻjaligining tarmoqlaridan biri boʻlib, asalarilarni asal, mum va boshqa mahsulotlar (asalari suti, asalari yelimi, asalari zahari va boshqalar) olish, shuningdek qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirish uchun ularni changlatish maqsadlarida boqishdir.

Ispaniyadagi Aran gʻoridan topilgan arxeologik maʼlumotlarga koʻra asalarichilik miloddan avvalgi 10-5-ming yilliklarda ham mavjud boʻlgan degan taxminlar bor. “Tavrot”, “Bibliya” kabi diniy kitoblarda ham asalarichilik toʻgʻrisida maʼlumotlar keltiriladi.

Asalarichilik tarixida bir necha bosqichlar boʻlgan. Dastlab odamlar asalni oʻrmon va togʻlarda daraxtlarning kovaklari, toshlar yoriqlari, gʻorlarga uya qoʻygan asalarilardan olganlar. Bunday asalarichilik terimchilik va ovchilikning bir turi hisoblangan. 1814 yilda rus asalarichisi P. I. Prokopovich romli asalari qutisini, 1865 yilda chex asalarichisi F. Grushka asal ajratgichni kashf etishi bilan koʻpgina mamlakatlarda asalarichilik serdaromad tarmoqqa aylandi. 20-asrning 20-yillaridan maxsus asalarichilik xoʻjaliklari paydo boʻldi.

Asalarichilik yer yuzasining barcha qitʼalarida tarqalgan. BMT maʼlumotlariga koʻra 1970-yillar boshida jahonda 40 mln. ga yaqin asalari uya (oilalari) mavjud boʻlgan. Jahon mamlakatlarida asalarichilik asosan 3 yoʻnalishda rivojlanmoqda:

  • asal olish;
  • ekinlarni changlatish;
  • boshqa xoʻjaliklarga tarqatish uchun eng yaxshi asalari zotlarining ona arisini yetishtirish (ona asalari yetishtiruvchi xoʻjaliklar) va asalari oilalarini koʻpaytirish.

Asalarichilik Rossiya, Ukraina, AQSH, Meksika, Turkiya, Fransiyada ayniqsa, rivojlangan. 1887-yilda tuzilgan “Apimondiya” Xalqaro asalarichilik tashkiloti asalarichilar oʻrtasida xalqaro aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qoʻshib kelmoqda. Bu tashkilot asalarichilikga bagʻishlangan simpoziumlar, kongresslar, koʻrgazmalar oʻtkazadi. 1966-yildan maxsus xalqaro “Apiacta” jurnali nashr etadi.

Oʻzbekistonda asalarichilik mahsulotlari qadimdan oziq-ovqat va dori-darmon sifatida maʼlum boʻlsada, asalarilarni qutilarda boqish 19-asrning 2-yarmidan boshlangan. Turkistonga dastlabki asalari oilalari 1841-yilda Qozogʻistonning Semipalatinsk viloyatidan keltirilgan.

19-asrning 2-yarmida Turkistonga oʻrta rus asalarisi, kavkaz kulrang togʻ asalarisi, ukrain dasht asalarisi va boshqalar olib kelingan va Oʻzbekistonda biologiyasi hamda foydali xoʻjalik belgilari bilan ajdodlaridan farq qiladigan asalarilar populyatsiyasi vujudga keldi.

Oʻzbekiston Respublikasida 154 ming asalari oilasi (kutisi) bor. Ixtisoslashtirilgan asalarichilik xoʻjaliklari tashkil etilgan. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tizimida 48 asalarichilik xoʻjaligi (88 ming asalari oilasi), shu jumladan, “Asal” uyushmasi (1975-96 yillarda respublika IIB) bor (1998). Respublikadagi oʻrmon xoʻjaligi korxonalarida, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoatxolding” kompaniyasi tarkibida ham asalarichilik xoʻjaliklari bor. Asalarichilik bilan 20-50 (90%) yoki 50-150 (10%) quti asalarisi boʻlgan xususiy asalchilar ham shugʻullanadi. Mavsumda ikki marta – may-iyun (bahorgi) va avgust-sentabrda (yozgi) asal olinadi. 1996 yilda 17,1 ming t asal, 187 t mumlarda tayyorlandi. Respublikada yiliga 20 ming t dan koʻproq asal tayyorlash imkoniyatlari bor. Asalarilar asosan koʻchma usulda boqiladi.

Asalarilardan qishloq xoʻjaligi ekinlarini (gʻoʻza, mahsar, kanop, urugʻlik beda va boshqalarni) changlatishda foydalaniladi. Asalarilar bilan changlatish gʻoʻza hosildorligini oʻrtacha 5,1-5,9 s/ga oshirishi aniqlangan.

 

Manba: Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi

 979 marta ko‘rilgan,  3 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.