Asalari nektarni qanday qilib asalga aylantiradi?

Tabiatda har xil oʻsimliklar gulining shirasi (nektari) va changi asalarilar uchun oziq manbayi hisoblanadi. Bulardan tashqari asalarilarga suv va mineral moddalar ham zarur.

Nektar gul bezlari – shiradonlardan ajraladigan shirin suyuqlikdir. Baʼzi oʻsimliklarda bu nektar bezlar guldan tashqarida boʻladi. Oʻsimliklarninng nektar ajratishi chetdan changlanishga moslashishidir. Guldagi nektar hidi hasharotlarni oʻziga jalb etadi va ular oyoqchalari, qanotlari yordamida guldan-gulga changni olib oʻtadi va natijada oʻsimliklar chetdan changlanadi. Bu hodisa tabiatda oʻsimliklarning tashqi sharoitga moslashish imkoniyatini kuchaytiradi va oʻsimliklar turining saqlanib qolishida muhim rol oʻynaydi.

Nektar tarkibida shakar, suv, mineral tuzlar va boshqa moddalar boʻladi. Qandlar murakkab va oddiy holda uchraydi. Maʼlumotlarga koʻra, nektarda shakar va suv miqdori ancha oʻzgaruvchan boʻladi. Masalan, qizil yoʻngʻichqanikida 14-71%, joʻkanikida 22-72% ni tashkil etadi.

Nektarning qayta ishlanib asalga aylanishi. Gulning nektarini asalarilar ogʻiz apparati yordamida asal jigʻildoniga soʻrib oladi va uyaga olib kelgach, xartumi yordamida uchmaydigan yosh asalari xartumiga beradi. Nektarni qabul qilgan ari esa uni asal jigʻildoniga shimadi, keyin uni qaytadan xartumiga qusadi.

Bu jarayon bir necha marta takrorlanadi, natijada nektar asalari jigʻildonida invertaza fermentiga boyiydi. Bu ferment murakkab shakarni oddiy meva va uzum shakarigacha parchalaydi. Keyin bu oddiy shakarlar kataklarga toʻldiriladi, ortiqcha suvi bugʻlanib parchalanish jarayoni davom etishi natijasida u yetilgan asalga aylanadi.

Tayyor asal solingan kataklar mum qopqoqchalar bilan suvaladi. Asal kimyoviy tarkibiga hamda shakar eritmasining kontsentratsiyasiga koʻra nektardan farq qiladi. Asal tarkibida 18-20% suv boʻlsa, qolgani shakardan iborat. Aksincha nektar tarkibida suv koʻp boʻlib, bir qismini shakar tashkil qiladi.

Nektarni asalga aylantirish jarayonining biologik mohiyati shundaki, birinchidan, shakarning boyitilgan eritmasi hisoblangan asal uzoq vaqt saqlanganda ham aynimaydi. Demak qishlov uchun koʻp miqdorda asal gʻamlab qoʻyish ham uning shu hususiyatiga asoslangan.

Ikkinchidan nektarni asalga aylantirish vaqtida murakkab shakar oddiy shakarga parchalanadi. Natijada, asalarilar qishlov sharoitida bu oziqni isteʼmol qilishda koʻp oziq va energiya sarf qilmaydi, koʻp axlat chiqarmaydi va ortiqcha bezovtalanmaydi.

Asal tarkibida oddiy shakarlar boʻlib, ularni hazm qilish uchun asalari kamroq energiya sarflaydi. Bu esa qishlov davrida asalarilarda kamroq chiqindi ajratish hisobiga yoʻgʻon ichagida kamroq axlat yigʻilishiga va asalari oilasining qishlovdan yaxshi chiqishiga imkon beradi.

Shunday qilib, asalarilarning nektardan asal ishlab chiqarish hususiyati ularning yashash sharoitiga ajoyib moslashishiga yaqqol misoldir. Demak, yoz faslida oziq tayyorlash, nektar yigʻish bilan qishlash sharoiti oʻrtasida bogʻlanish mavjudligini tabiatda asalarilarning saqlanishi va koʻpayishi uchun zarur shart-sharoitning eng muhimi deb hisoblash mumkin.

Nektar va asal asalarilarning oziqlanishida asosiy uglevod manbayi hisoblanadi. Uglevodni asalarilar qishlash vaqtida koʻp talab qiladi. Bahorda va yozda asalarilar tuxumdan koʻpayayotgan vaqtda, yosh arilarni tarbiyalashda va mumdan in qurish vaqtida ularga oqsilli oziq koʻp talab qilinadi. Asalarilar gul changidan qayta ishlagan perga oqsil manbayi hisoblanadi.

Asalariga oqsil va uglevoddan tashqari yogʻ, mineral moddalar va suv ham zarur. Yogʻlar pergada boʻladi, mineral moddalarni ular perga va asaldan oladi. Bahorda va yozning issiq kunlarida asalarilarning suvga talabi ortadi. Suv ularga lichinkalari uchun oziq tayyorlash hamda oʻzi isteʼmol qilishi uchun juda zarur. Chunki hayot jarayonlarida suvning bir qismi organizmdan chiqib ketadi.

Asalari suvni nektardan oladi va undan tashqari, suv havzalari va suvdonlardan asal jigʻildoniga shimib olib keladi. Mineral moddalar asalari ichagiga asal va perga bilan kiradi.

 

Manba: “Asalari – foyda bari” (Sobirjon Mamasotiyev, Neʼmatjon Hoshimov, “Dizayn-Press” MCHJ nashriyoti, Toshkent-2012) qoʻllanmasi.

 396 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.