Asalari chaqqanda qancha zahar ajratadi?

Asalari zahari ya’ni apitoksin (lot. apis – asalari, yun.toxikon – zahar) – ishchi asalarilar tanasidagi ipsimon bezlari ajratadigan o‘tkir hidli achchiq, och sariq, shaffof suyuqlik. Asalari zahari tarkibida biologik faol moddalar, fermentlar, erkin aminokislotalar, chumoli, xlorid, ortofosfat kislotalari, gistamin, xolin, triptofan, oltingugurt, magniy fosfat va boshqa moddalar bor.

Asalari zahari tarkibidagi ta’sir qiluvchi moddalar gistamin glikozidi, lipidlar, hayvonot saponinlariga yaqin turadigan moddalardan iborat. Suvda tez, chumoli kislotada va 60°C li spirtda sekin eriydi. Asalari chaqqanda 0,2-0,3 mg zahar ajratadi. Asalari chaqqan joyda qattiq og‘riq va shish paydo bo‘ladi.

Asalari chaqqan paytda, o‘sha joyga darhol validol eritmasi yoki sarimsoq kesib surtilsa, og‘riq qoladi, shish paydo bo‘lmaydi. Asalari zaharidan tibbiyotda radikulit va bod kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Bunda organizm bevosita asalarilarga chaqtiriladi yoki tarkibida asalari zahari bo‘lgan dorilar qo‘llaniladi. Bu preparatlardan bronxial astma, gipertoniya kasalliklarini davolashda ham foydalanish mumkin.

Bod va radikulitni davolashda tarkibida asalari zahari bo‘lgan virapin (1 g virapinda 0,15 mg asalari zahari bo‘ladi) surtma holida qo‘llaniladi. Tarkibida asalari zahari bor dorilardan qon tomirlarini kengaytirish va moddalar almashinuvini yaxshilashda foydalaniladi.

 

G‘olib Avezov tayyorladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.