Asal qanday saqlanadi?

Harorat 10˚C dan past va 27˚C dan yuqori boʻlmagan sharoitda asal koʻp vaqt buzilmasdan turadi. Xonaning ichi quruq boʻlsa, boshqa haroratda ham asal yaxshi saqlanadi. Asalning tarkibidagi suv 21 foizdan yuqori boʻlsa, u tezda bijgʻiy boshlaydi. Bijgʻish vaqtida asaldagi qand spirtga aylanadi.

Bijgʻish asal tarkibida doim boʻladigan achitqilar taʼsirida boʻladi, achish esa sirka kislota bakteriyalari taʼsirida boradi. Bijgʻishdan toʻxtatish uchun asalni 70˚C issiqlikda 10 daqiqa isitish va tezda sovitish kerak.

Odatda choʻkib qolgan (kristallangan) asal tezroq bijgʻiydi. Chunki tagidagi choʻkmada suv kam boʻlib, ustidagi suyuq qismida suv 30% gacha koʻpayib ketadi. Asal saqlanadigan xona toza, quruq va harorat 10˚C dan past boʻlishi, havo namligi 60-80% ni tashkil etishi lozim.

Arizorda asal asosan, yogʻoch bochkalar, lipovka va yashiklarga solinadi. Hajmi 100 kg li bochkalar ishlatiladi. Bochkalar argʻuvon (lipa), qora qayin va chinor daraxtidan tayyorlanadi. Kedr va eman dataxtidan tayyorlangan bochkalarda asal qorayadi.

Nina barglilar yogʻochidan tayyorlangan bochkalarda asal smola  hidini oladi. Iloji boʻlmasdan shu daraxtlardan ishlangan bochkalar ishlatilishi kerak boʻlsa, bochkalarni avvalo bir necha marta sodali issiq suv bilan yuvish kerak.

Argʻuvon daraxtidan yasalgan bochkalar shu daraxt toʻnkalarining oʻrtasini oʻyib olib ishlanadi. Ularning hajmi 2 kg dan 50 kg gacha boʻladi. Baʼzan asal mustahkam, bir-biriga zich qoqilgan taxta yashiklarda saqlanadi. Ichi, ayniqsa, tirqishlari qalin mum bilan qoplangan boʻladi. Bochka va lipovkalarning ichini ham mum bilan qoplash kerak.

Bundan tashqari, asalni joylash uchun zanglamaydigan poʻlat, alyuminiy, qalay ham ishlatiladi. Asal tarkibidagi organik kislotalar tarkibidagi rux, mis erib, odam uchun zaxarli tuzlar hosil boʻladi. Temirdan asal qorayadi.

Oʻlchab joylangan asalda etiketka (yorliq) boʻlishi kerak, unda joy raqami, asal yetishtirilgan tashkilot nomi, asalning navi, botanik navi (masalan, paxta asali, beda asali kabi), tovar navi (1-nav), asal yigʻib olingan yil, massasi kabilar yozib qoʻyilgan boʻlishi kerak.

 

Manba: “Asalari – foyda bari” (Sobirjon Mamasotiyev, Neʼmatjon Hoshimov, “Dizayn-Press” MCHJ nashriyoti, Toshkent-2012) qoʻllanmasi.

 530 marta ko‘rilgan,  2 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.