Aholi xonadonlarida asalari oilasi boqish boʻyicha tavsiyalar

Aholi xonadonlarida asalari oilasi boqish boʻyicha tavsiyalar

 

Asalari bejiz yetti xazinaning biri, deb hisoblanmaydi. Haqiqatan ham bu foydali hasharotning foydasi juda katta. Uning asali, zahri, suti propolisi, gulchangi koʻpgina xastaliklarga davo. Shuningdek, uning mumi sanoatimizda muhim xomashyo hisoblanadi.

Asalarilar oʻsimlik gulini chetdan changlantirishi natijasida, ularning turlarini sogʻlomlashtirish va yuqori mahsuldor navlarni vujudga keltirishga sharoit yaratadi va ularning hosilini maʼlum darajada oshiradi.

Asalari oilasi. Asalarilarning oʻrtacha oilasi 50–80 ming ishchi asalari, yuzlarcha erkak asalari va bitta ona asalaridan tashkil topadi. Shu bilan bir vaqtda, oilada tuxum, lichinka va gʻumbaklar ham boʻladi.

Uyaning koʻp qismini ishchi asalarilar tashkil etadi. Ishchi asalarilar uya asalarilariga va uchadigan dala asalarilarga boʻlinadi. Bahor va kuzda, yaʼni tabiatda gulchangi va gulshira koʻproq boʻlganda ishchi asalarilar 40–45 kungacha yashay oladi. Kuz va qishlovdan oldin tuxumdan chiqqan asalarilar esa, olti-yetti oy yashaydi.

Erkak asalarilar oilaning vaqtincha aʼzosi hisoblanadi. Ularning birdan-bir vazifasi ona asalarini koʻproq urugʻlantirishdir. Erkak asalarilar bahor oʻrtalarida vujudga keladi. Ishchi asalarilar erkak asalarini faqat shira yigʻish paytidagina boqadilar. Shira yigʻish ishi tugashi bilan, erkak asalarilar raxmsiz suratda, uyadan haydab chiqariladi.

Ona asalari uyadagi yagona urgʻochi asalari boʻlib, barcha asalarilarning onasidir. Yaxshi ona asalari kuniga 2000 tagacha tuxum qoʻyadi. Asalari oilasining sogʻlom boʻlishi, ona asalarining sifatiga bogʻliq. Ona asalari besh yilgacha yashashi mumkin. Ammo ikki yoshga kirgach, uning tuxum qoʻyish qobiliti pasayadi va koʻproq erkak asalari chiqadigan tuxum qoʻya boshlaydi. Shuning uchun ham tajribali asalarichilar ona asalarini har yili almashtiradilar.

Asalari zotlarini tanlash. Asalari zotlarini tanlash, sizga asalari oilasi qanday maqsad uchun zarurligiga bogʻliq. Kimdir uning asaliga shaydo boʻlsa, kimdir uning uchib yurishini, uning ishini koʻrib zavqlanib yashaydi. Agarda asalarining asali uchun oladigan boʻlsangiz, u holda koʻp asal beradigan asalari zotlarini tanlang.

Asalarichilikda shu paytgacha ham hali inson tomonidan birorta ham asalari zotlari yaratilmagan. Shunga qaramasdan har bir hududning tabiiy iqlim sharoitiga moslashgan asalari zotlari bor. Mana shu zotlarni aborigen zot deb ataladi.

Bugungi kunda yurtimizda koʻp asal beradigan mahalliy zotli asalarilar bilan birga “Oʻrta rus”, “Kulrang Kavkaz togʻ asalarisi”, “Karpat” zotli asalarilar va boshqa joydan keltirilgan “Italiya” zotli asalari hamda Avstriyadan keltirilgan “Krainka” asalari zotlari tarqalgan.

Asalari oilasi qancha asal beradi? Asalari oilasining asal berish miqdori va sifati turli omillarga bogʻliq. Umuman olganda bitta asalari oilasi oʻrtacha 15–20 kg. gacha asal bera oladi. Agar asalari oilasi toʻgʻri parvarishlansa va qaralsa, undan ham koʻp asal olish mumkin. Ayrim asalarichilar esa bunday asalarilarni koʻz qorachigʻiday asrab vaqti-vaqti bilan oziqlantirib, moʻl-koʻl asal olishga erishayaptilar ham. Ammo qancha asal berish, har bir asalari oilasida turlicha boʻladi. Bular albatta, ularni yaxshi serasal oʻsimliklar joylashgan joyga koʻchirib turishga va asalari zotiga ham boqliqdir.

Foydasi birga-bir. Xullas, uy sharoitida 10 tagacha asalari oilasini boqish bemalol oʻzini oqlaydi. Xoʻsh, uy sharoitida asalari oilasini boqishni qanday yoʻlga qoʻyish mumkin? Agar hovlingizdagi tomorqada yetarli sharoit boʻlsa, hech ikkilanmay, bu ishni boshlayverishingiz mumkin. Avvalo yaxshi asalari zotlarini tanlab, xarid qiling.

Agar asalari oilasini xarid qilmoqchi boʻlsangiz, avvalo, uning sogʻlomligiga eʼtibor bering. Asalari oilasiga chetdan turib razm soling, asalarilarning uyadan uchish va qaytib kelishiga eʼtibor bering. Ularning uchish parvozi bir tekisda, ittifoq boʻlishi kerak. Negaki, baʼzi asalari oilalarida asalari parvozi ancha sust boʻladi. Bu esa bunday asalari oilalarida ona asalari keksa yoshli va kammahsulligidan darak beradi.

Bundan tashqari, uyadagi ona asalari yoshiga eʼtibor bering. Yosh ona asalarilar tez harakatchan boʻladi, keksa ona asalarilar esa sekin harakat qilib, uning qanotlarining uchki qismi bir oz qirqilgan boʻladi.

Uyadagi ramkalardagi naslni joylashishiga eʼtibor qarating. Ramkadagi ochiq va yopiq nasl bir tekis joylashgan boʻlsa, demak ona asalari yosh, serpusht boʻladi. Oilada erkak asalari soni koʻp boʻlsa, bilingki, oiladagi ona asalarining yoshi kattadir. Bunday ona asalarini almashtirishga toʻgʻri keladi. Shu belgilar bilan oiladagi ona asalarining yoshi aniqlanadi.

Koʻp asal beradigan asalari oilasini qanday aniqlasa boʻladi? Asalari oilasini kuchiga qarab, albatta. Koʻp asal beradigan asalari oilasida ramkalar soni 10–15 ta va undan ham koʻp boʻladi. Bu ramkalarda 8–10 ta gacha ochiq va yopiq nasllar boʻlishi lozim. Ramkalar orasidagi yoʻlakchalar asalari bilan zich joylashgan boʻlishi kerak. Bu belgilar, albatta asalari oilasi kuchli va koʻp asal toʻplashidan dalolat beradi.

Asalari oilasining tekshirish qoidalari. Asalari oilasini tashqi harorat salqin joyda +14℃ dan past boʻlmaganda, umumiy tekshirishga kirishiladi. Ammo asalari oilasining umumiy ahvoli qoniqarli boʻlsa, u holda toʻliq tekshirish ishlari havo harorati 16–18℃ boʻlguncha qoldiriladi.

Asalari oilasini tekshirayotgan vaqtda asalarichining qoʻli toza, oq yoki qora xalat hamda qoʻlansa (atir, upa, piyoz, sarimsoqpiyoz, benzin, kerosin, ter) hid kelmaydigan kiyimlarni kiygan boʻlishi kerak. Shunday qilinganda asalarilar kam bezovtalanadi va chaqishga harakat qilmaydi.

Asalari oilasini tekshirishda tutatgich yordamida asalari uyasiga asalari kiradigan tuynukcha orqali 2–3 marta tutun tutatilada, oradan 1–1,5 daqiqa oʻtgach uya qopqogʻi ochilib, ustki yopqichning bir chekkasini qaytarib, sekin-asta ramkalarni asalarichi iskanasi yordamida sugʻurib olib, tekshirishga kirishiladi.

Uyani tekshirish vaqtida asalarilar bilan ishlash qoidasiga (uyani taqillatmay, asalarilarni bezovtalantirmay) amal qilish kerak. Oilani tekshirish vaqtida asalarichi asalari kiradigan tuynukcha oldini toʻsib qoʻymasligi lozim, u uyaning yon tarafida turib ishlashi zarur, aks holda asalarilar bezovtalanishi mumkin. Bundan tashqari, asalari uyasi tekshirilayotgan paytda, qoʻshni uya asalarilari oʻgʻirlikka kirayotganini sezsa ham asalarilar bezovtalanadi. Shuning uchun ham tekshirishni darhol narigi chetdagi qatordan boshlash kerak.

Asalarichi ish bajarishga kirishishda, avval ishlash uchun kerakli asboblar: asalarichi koʻchma qutisi, chirigan toʻnka, daraxt poʻkagi, va tutatgich asbobini tayyorlab qoʻyishi lozim. Asalarizorda asalari oilasi bilan ish boshlashda, oldin oq xalat va boshga kiyiladigan toʻrli yuz niqobini kiyib ishga kirishish kerak.

Uyadan sugʻurib olingan ramkalarni uya ustida kuzatish tavsiya etiladi, shunday qilinganda ramkadan toʻkilgan yosh asalarilar uyaga tushadi va nobud boʻlmaydi.

Ramkalarni asalarilardan tozalash kerak boʻlsa, gʻoz patidan tayyorlangan supurgi yoki boylangan bir tutam oʻt yordamida, asalarilar supurib tushiriladi. Agar oʻsha ramkada yosh asalari qurtchalari va yangi keltirilgan gul shirasi boʻlmasa, u holda ramkaning ikki chetidan mahkam ushlab, asalarilarni silkitib tushirish mumkin.

Oilaning ichki hajmi kengaytirilayotganda yuzaki tekshiriladi va chekkadagi ramkalarni bir oz chetga surib, ularning oʻrniga kengaytirishga moʻljallangan ramkalar qoʻyiladi. Agar tabiatdan shira kelayotgan boʻlsa, u holda asalari uyasining kerakli joylariga mumpardali ramkalar beriladi.

Parvarishlash. Uy sharoitida asalari oilasini parvarish qilayotganingizda, daladan yaxshigina shira kelayotgan boʻlsa, yangi berilgan mumpardali ramkalarni bir kunda toʻqiydi. Uyadagi ramkalarni ustki qismi oqarib ketadi, hatto uyadagi ramkalar ustidagi surp-matoni ham mum bilan yopishtirib tashlaydi, shunda ularni ramkalar ustidan zoʻrgʻa koʻtarib olish mumkin. Bu belgilar, asal tortish davri boshlanishini bildiradi.

Uyadan asalli ramkalarni olishdan oldin, tutatgich asbobi bilan asalari uyasiga bir oz tutun kiritiladi. Soʻngra asalli ramkalar olinadi. Bunda ochiq naslli ramkalar olinmaydi va ona asalari ohistalik bilan boshqa ramkaga olib qoʻyiladi.

Asalli ramkalar ustidagi mum qopqoqchalar, oʻtkir va issiq pichoq yordamida kesib olinadi. Bunday ramkalardagi asal maxsus asbob asaltortkich yordamida ajratib olinadi. Asali olingan ramkalarga bir oz suv sepib, asalari oilasiga berilsa, uni asalarilar tez va oson tozalab qoʻyadi.

Asal tortish mavsumi yil davomida 2–3 marotaba, ayrim yillarda esa undan ham koʻp boʻlishi mumkin. Asal tortish mavsumi tugagach, asalari oilasini qishlovga tayyorlanadi. Buning uchun qishlovga ketadigan asalari oilalariga koʻp miqdorda yosh asalarilar boʻlishi taʼminlanadi va har bir asalari oilasiga qishlov uchun, uning kuchiga qarab 10–15 kg. gacha sifatli ozuqa asal qoldirish lozim.

Qishlovga ketadigan asalari uyasidagi ramkalarning ustiga va yon tomonida isitish yostiqchalari bilan oʻrab qoʻyiladi. Asalari qutisidagi ustki va ostki uchish tuynuklari hajmi bitta asalari kirib chiqadigan tarzda, toraytirib qoʻyiladi. Qishlov davrida onda-sonda kelib, qishlov qanday oʻtishini tekshirib turiladi.

Asalari kasalliklari va ularning oldini olish. Asalari oilasini rivojlanishiga asosan varroatoz, akarapidoz, amerika va yevropa chirish, nozematoz, askosferoz, pestitsidlar bilan zaharlanish va boshqa bir necha infeksion va invozion kasalliklar toʻsqinlik qiladi. Varroatoz kasalligi bugungi kunda asalarilarning eng xavfli kasalligi boʻlib, kanalar ishchi, erkak va yosh asalari nasli tanasida parazitlik qilib yashaydi. Agar yil davomida varroatozga qarshi kurashilmasa asalari oilasi nobud boʻlishi mumkin.

Asalarining kasalliklari har xil boʻladi. Ularni ikki guruhga; yuqumli va yuqumsiz kasalliklarga boʻlish mumkin.

Asalari kasalliklarining oldini olishning eng asosiy yoʻllaridan biri – baquvvat oilalarning yaxshi, zooveterinariya qoidalariga asosan har yili barcha asalari oilalarini veterinariya vrachi koʻrigidan oʻtkazish va asalarilarga bahorda antibiotik dorilar qoʻshilgan qoʻshimcha oziqalar berishdir. Asalarilarni normal boqish tadbirlari koʻrilgan joylarda asalarilar juda kam kasallanadi.

Asalarilardagi koʻpgina kasalliklar deyarli bir xil belgiga ega boʻladi. Shuning uchun ham faqat mutaxassislargina kasallikni aniqlay olishlari va unga qarshi muvaffaqiyatli davolash tadbirlarini qoʻllashlari mumkin. Kasallikni aniqlash, koʻpincha turli tashxislar qoʻyish yordamida amalga oshiriladi. Shuning uchun ham kasallikning dastlabki belgilari paydo boʻlishi bilanoq, kasallangan asalarilardan va uning naslidan namuna olib, yaqin oradagi veterinariya laboratoriyalariga murojaat qilish kerak.

O.Toʻrayev

Manba: mehnat.uz sayti

 2,624 marta ko‘rilgan,  3 marta bugun ko‘rildi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Ushbu sayt spamga qarshi kurashda Akismet’dan foydalanadi. Qoldirgan izohlaringiz qanday qayta ishlanishi bilmoqchi boʻlsangiz, shu havola orqali sahifaga oʻting.